QISHLOQ XO‘JALIGIGA MO‘LJALLANGAN YER UCHASTKALARINI REALIZATSIYA QILISHDAGI ISLOHOTLAR

QISHLOQ XO‘JALIGIGA MO‘LJALLANGAN YER UCHASTKALARINI REALIZATSIYA QILISHDAGI ISLOHOTLAR
Yer ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini yanada takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi sohasiga investitsiyalarni keng jalb qilish orqali paxta va g‘alladan qisqartirilayotgan yer maydonlarida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega va eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirishni ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida Muhtaram Prezidentimizning 2025 yil 3-fevraldagi PF-18-sonli Farmoni bilan yangi tizim joriy etilgan.
Shuningdek, mazkur Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 28-iyulda 469-sonli qarori qabul qilinib, unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga oluvchilarning mustaqilligini oshirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni yetishtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini aniqlash jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish maqsad qilindi.
Unga ko‘ra, yer uchastkalari konturlar yaxlitligi va sug‘orish tizimini buzmagan holda 3 gektardan 50 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda “E-auksion” savdo platformasida elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilishi belgilandi.
Elektron onlayn auksion savdolarida yashash joyidan (yuridik manzilidan), tashkiliy-huquqiy shaklidan, boshqa yer uchastkasi bor yoki yo‘qligidan qat‘i nazar, barcha jismoniy va yuridik shaxslar (rezidentlar), shu jumladan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ishtirok etishi mumkin. Bunda auksion g‘olibi keyinchalik yer uchastkasi joylashgan viloyatda yuridik shaxs tashkil etishi yoki o‘zining yuridik manzilini shu hududga ko‘chirishi lozim.
Elektron onlayn auksion savdolari orqali aniqlanadigan yer uchastkasiga ijara huquqini olish uchun to‘lovlar 15 ish kuni ichida to‘liq to‘lanishi shart.
Shuningdek, boshlang‘ich narx yer uchastkasi normativ qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanadi hamda sotilmagan lotlar har besh kun ichida lotning narxini 10 foizdan boshlang‘ich narxning 20 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytirgan holda takroriy auksionga chiqariladi.
Yangi tizim doirasida elektron onlayn auksion g‘olibi – ijaraga oluvchi:
yer uchastkasidan 49 yil ijara huquqi asosida foydalanish, keyinchalik ijara muddatini qonunchilikka muvofiq uzaytirishi;
qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari, navlari va hajmlarini, shuningdek, ularni etishtirish hamda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish usullarini mustaqil ravishda belgilash, shu jumladan, paxta va g‘alla ekinlarini faqat o‘zi ma‘qul deb hisoblagan taqdirdagina yetishtirish;
Yer kodeksiga muvofiq ijara shartnomasi bo‘yicha o‘z huquqlari va majburiyatlarini tekinga yoki haq evaziga ijara muddati davomida boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish), yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish;
er tuzish loyihasiga muvofiq dala chetida 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan, lekin ijaraga berilgan kontur maydonining bir foizidan oshmagan qismida qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi obyektlarni (yengil konstruksiyali muzlatkichli omborxonalar, saralash, qadoqlash joylari, suv tejovchi texnologiyalar, dala shiyponi, texnika parki) joylashtirish kabi huquqlarga ega bo‘ladi.
“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ Xorazm viloyati vakili Muxammad Ishchanov