O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasini qaytarish va o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlashga oid ishlarni ko‘rishning yangi tartibi

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasini qaytarish va o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlashga oid ishlarni ko‘rishning yangi tartibi
Keyingi yillarda mamlakatimizda yerga oid munosabatlarda tenglik va shaffoflikni, yer resurslaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini ta’minlashga hamda yer uchastkalari o‘zboshimchalik bilan egallab olinishining oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda bu boradagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilmoqda.
Jumladan, 2024 yil 15-noyabrda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan samarali foydalanish, sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-997-son Qonuni bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga bir qator yangi qoidalar kiritildi.
Kodeksda belgilangan qoidalar o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida bo‘lgan yer uchastkasini qaytarish, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning o‘ziga xos xususiyatlariga oid yangi bob bilan to‘ldirildi.
Unga ko‘ra, prokuror, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etishni (buzib tashlashni) tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida bo‘lgan yer uchastkasini qaytarish, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash to‘g‘risidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat etishga haqli ekanligi belgilandi.
Endilikda, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida bo‘lgan yer uchastkasini qaytarish, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash to‘g‘risidagi ishlar sudlar tomonidan yangi belgilangan normalarni inobatga olgan holda ko‘riladi.
Xususan, ish sudya da’vo arizasini ish yurituviga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida ajrim chiqargan kundan e’tiboran yigirma kundan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqilishi kerak.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida bo‘lgan yer uchastkasini qaytarish, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash to‘g‘risidagi ish bo‘yicha kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida bo‘lgan yer uchastkasini qaytarish to‘g‘risidagi talab sud tomonidan qanoatlantirilgan taqdirda, sud hal qiluv qarorining xulosa qaytarilayotgan yer uchastkasining maydoni va joylashgan joyi (manzili) hamda yer uchastkasi tasarrufiga qaytarilayotgan davlat organi ko‘rsatilishi kerak.
Shuningdek, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash to‘g‘risidagi talab sud tomonidan qanoatlantirilgan taqdirda, sud hal qiluv qarorining xulosa qismida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratning manzili va tavsifi hamda buzilishi lozim bo‘lgan imorat ko‘rsatilishi talab qilinadi.
Sudning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida bo‘lgan yer uchastkasini qaytarish, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash to‘g‘risidagi hal qiluv qarori, agar apellyatsiya shikoyati (protesti) berilmagan bo‘lsa, u qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kun o‘tgach qonuniy kuchga kiradi.
Xulosa sifatida shuni aytish kerakki, qonunchilikka kiritilgan mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar yerga oid huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlashga, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlari himoyasi kafolatlarini kuchaytirishga hamda mazkur sohadagi huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish va bartaraf etishga xizmat qiladi.
Anvar Raximov,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudining raisi