#MUROJAAT
O‘zbekiston fermerlari kengashining mamlakatimiz fermer va dehqonlariga MUROJAATI
Hurmatli va aziz fermerlar!
Bugungi global iqtisodiy va ekologiyaviy sharoitda dunyoda oziq-ovqat yetishmovchiligi yuzaga kelish xavfi ortayotgan bir paytda, qishloq xo‘jaligida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, yuqori hosil olish va oziq-ovqat ekinlarini ko‘paytirish muhim vazifaga aylanmoqda. Shu murakkab sharoitda dehqon va fermerlarimiz barchadan ko‘ra mas’uliyatli va fidokorona mehnat qilmoqda.
Azaldan xalqimiz nonni ulug‘ ne’mat sifatida qadrlab kelgan. Yetishtirilgan hosilning har donasini nes-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish dehqon mehnatining bir qismi hisoblanadi. Endi esa asosiy vazifa — g‘alladan bo‘shagan 900 ming gektar yerlarga takroriy ekinlarni o‘z vaqtida ekish, yuqori hosildorlikka erishish va aholi dasturxonini to‘kin qilishdir.
So‘nggi yillarda fermer va dehqonlarimizning samarali mehnati, ilmiy asoslangan agrotexnologiyalardan foydalanish, bozor mexanizmlarining keng joriy qilinishi evaziga sohadagi ish samaradorligi va daromaddorlik ortib bormoqda. Ilgari foydalanilmagan yerlar o‘zlashtirilmoqda, klasterlar bilan hamkorlik kengaymoqda.
Fermer va dehqonlarimiz mamlakat taraqqiyoti, aholi turmush darajasini oshirish va kambag‘allikni qisqartirishga katta hissa qo‘shmoqda. Yoshlarga yer ajratish bo‘yicha Prezidentimiz tashabbusini qo‘llab-quvvatlash natijasida qariyb 60 ming gektar yer ajratilib, tajribali fermerlar tomonidan yoshlarga ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
Bunday yerlarda dehqonchilik qilayotgan shijoatli, g‘ayratli yoshlarimiz bugun birinchi hosilni yig‘ishtirib olishayapti va ikkinchi ekinni ekishni boshlab yuborishdi.
Natijada, 200 mingdan ortiq yoshlar mavsum davomida 10-15 million so‘m miqdorida daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.
Hurmatli fermerlar!
Boshoqli don hosilini yig‘ishtirish, g‘alladan bo‘shagan yerlardan samarali foydalanish, eksportbop sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirishda mas’uliyatingizni yanada oshirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishingizni so‘raymiz:
Birinchidan, yetishtirilgan boshoqli donni qisqa muddatda, yo‘qotishlarsiz yig‘ishtirib olish uchun zarur tashkiliy va moddiy-texnikaviy choralarni ko‘ring;
Ikkinchidan, g‘alladan bo‘shagan yerlarni somondan tezkorlik bilan tozalash, shudgorlash va ekishga tayyorlashni tashkil eting;
Uchinchidan, urug‘lik, ko‘chat va shudgorlash ishlarini amalga oshirish uchun Fermerlar kengashi huzuridagi Jamg‘armadan 18 oyga kam foizli kredit oling;
To‘rtinchidan, yerlarni birinchi navbatda ishsizlar, ehtiyojmandlar, “Yoshlar” va “Ayollar” daftaridagi fuqarolar hamda samarali tomorqachilarga o‘rtacha 20 sotixdan mavsumiy ijara asosida beg‘araz ajrating va ekish ishlarida amaliy yordam ko‘rsating;
Beshinchidan, ajratilgan yerlarda takroriy ekinlarni to‘liq ekib, eksportbop mahsulot yetishtiring, shu orqali o‘zingiz hamda mamlakatimiz aholisining daromadini oshirishga hissa qo‘shing.
Bu kabi saxovatli va fidokorona ishlaringiz Prezidentimiz tomonidan qator Farmon va qarorlari bilan qo‘llab-quvvatlanib, soliq imtiyozlari berilayotganini alohida ta’kidlaymiz. Shuningdek, tuman sektor rahbarlari, mahalla raislari, Fermerlar kengashi, klasterlar va eksportyor korxonalar tomonidan Sizga zarur yordam ko‘rsatiladi.
Ayniqsa, 15–20 sotix yerda dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar o‘rtacha 8–10 million so‘m daromad olishlari mumkin. Bu orqali sizlar yoshlar, ayollar hamda xorijdan qaytgan fuqarolarni ish bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynaysiz.
Aziz va qadrli fermerlar!
Xalqimiz sizlarni “rizq-ro‘zimiz bunyodkorlari” sifatida ardoqlaydi. Sizning shijoat va mehnatingiz tufayli dasturxonimiz to‘kin, bozorlarimiz arzon va turmushimiz farovon bo‘ladi.
Mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda fermer va dehqonlarning o‘rni beqiyosdir. Biz barchangizni Yurtboshimiz ishonchini oqlash, yurtimiz ravnaqi va xalq farovonligi uchun halol, sidqidildan mehnat qilishga chaqiramiz.
Sizlarga sihat-salomatlik, ezgu ishlaringizga qut-baraka tilaymiz. Bu yilgi mavsumda ham ulkan xirmonlar barpo etib, xalqimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishi hammamizga nasib etsin!
O‘zbekiston fermerlari kengashi