Yangiliklar
Aprel 25, 2025 Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudi tomonidan 2025-yilning 1-choragida ko‘rib chiqilgan fuqarolik ishlari yuzasidan axborot Aprel 25, 2025 Roʻyxatga olish qanday amalga oshiriladi? Aprel 18, 2025 RASMIY MUNOSABAT Aprel 17, 2025 Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz to‘lovlarida davlat kompensatsiyasi joriy etiladi. Aprel 15, 2025 O‘zbekiston fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga MUROJAATI Aprel 15, 2025 Reklama va ommaviy axborot Aprel 11, 2025 HOKIM VA TADBIRKORLAR UCHRASHUVI Aprel 08, 2025 Shovot tumani bo‘yicha "Tashabbusli budjet" jarayonining 2025-yil I-chorak mablag‘larini yo‘naltirilishi va sarflanishi bo‘yicha hisobot. Aprel 07, 2025 Bog‘-tok qator oralariga sabzavot va poliz ekinlarini ekish bo‘yicha tumandagi bog‘ fermer xo‘jaliklari, dehqon va tomorqachilar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Aprel 03, 2025 Aholini roʻyxatga olish tamoyillari

Mehnat nizolari tushunchasi va mazkur nizolar bo‘yicha sudga murojaat qilish muddatlari

Тарқатиш: Email Facebook Google LinkedIn Twitter VK VK

Mehnat nizolari tushunchasi va mazkur nizolar bo‘yicha sudga murojaat qilish muddatlari

Mehnat nizolari bu - ish beruvchi va xodim o‘rtasida mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat shartlarini qo‘llash yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchiliklar hisoblanadi.

Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksidan hamda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarining muvozanatini ta’minlash hamda ularni muvofiqlashtirish asosida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi.

Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy prinsiplari — mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash, mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash, mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik, mehnat huquqlari ta’minlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi, xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligidan iboratdir.

Mehnat kodeksining 11-moddasiga ko‘ra, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarga, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Yakka tartibdagi mehnat nizosini ko‘rib chiqish haqidagi da’vo bilan sudga xodim yoki kasaba uyushmasi qo‘mitasi, davlat mehnat inspeksiyasining mansabdor shaxslari, ish beruvchi, qonunchilikda belgilangan tartibda adliya organlari va prokuror murojaat qilishga haqli.

Yakka tartibdagi mehnat nizosining ko‘rib chiqilishi uchun sudga murojaat qilishning quyidagi muddatlari belgilanadi:

ishga tiklash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha — xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi ish beruvchi buyrug‘ining ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran uch oy;

xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha — ish beruvchi zarar yetkazilganligini aniqlagan kundan e’tiboran bir yil;

boshqa mehnat nizolari bo‘yicha — xodim o‘zining huquqi buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran olti oy.

Xodimning hayotiga va sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha shuningdek, xodimga yetkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi nizolar bo‘yicha sudga murojaat etish muddati belgilanmaydi.

Yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiqish bo‘yicha sudga murojaat etish muddatining o‘tishi yakka tartibdagi mehnat nizosini mediatsiya tartibida ko‘rib chiqish davrida to‘xtatib turiladi.

Ushbu belgilangan muddat kasaba uyushmasi qo‘mitasi, davlat mehnat inspeksiyasining mansabdor shaxslari, adliya organlari va prokuror xodimning manfaatini ko‘zlab, taqdim qilgan da’volarga nisbatan ham tatbiq qilinadi.

Sudya sudga murojaat qilish muddati o‘tkazib yuborilgan degan asos bilan da’vo arizani qabul qilmaslikka haqli emas. Sud mazkur muddat uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan deb topsa, uni tiklaydi. Agar sud ishdagi hujjatlarni har tomonlama tekshirib, sudga murojaat qilish muddati uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilganligini aniqlasa, da’voni rad etadi.

Ma’lumot tariqasida aytadigan bo‘lsak, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudi tomonidan 2024 yil davomida 5 ming 723 ta fuqarolik ishi ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, ularning 156 tasi aynan mehnat nizolari bilan ishlar sirasiga kiradi.

Xususan, ishga tiklash bo‘yicha 17 ta, ish haqi, mehnat ta’tili pullari, mehnat haqidan ushlab qolingan summalarni undirish bo‘yicha 134 ta, mehnat nizolari bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa toifadagi ishlar bo‘yicha 8 ta da’vo arizalar ko‘rib chiqilib, hal etilgan.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, sudda mehnat nizolari bilan bog‘liq ishlarni ko‘rilishi xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarining muvozanatini ta’minlashga qaratilgan tamoyillarning amaldagi namunasi hisoblanadi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudining sudyasi                               U.X.Berdiyev

Тарқатиш: Email Facebook Google LinkedIn Twitter VK VK