RASMIY MUNOSABAT
RASMIY MUNOSABAT
Ijtimoiy tarmoqlardagi “Shovot tumanida yarim kechasi nimalar bo‘lmoqda” (sarlavha o‘zgarishsiz berildi) mazmunida tarqalgan murojaat yuzasidan tuman hokimligi va qishloq xo‘jaligi bo‘limi quydagilarni maʼlum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 505-son qarorining ijrosi yuzasidan tumanda mavjud yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va eksport hajmlarini yanada oshirish, texnik, boshoqli don, dukkakli, moyli, poliz, sabzavot, kartoshka va ozuqa ekinlarini oqilona joylashtirish to‘g‘risida, Xorazm viloyati hokimi hamda Shovot tumani hokimining tegishli qarorlari qabul qilingan.
Xususan, Shovot tumani hokimligi zaxirasidagi umumiy yer maydoni 65.453 gektar, shundan ekin yer maydoni 54.7 gektar bo‘lgan yer uchastkasi “Paxta-g‘allachilik” yo‘nalishida foydalanish maqsadida elektron onlayn auksionga chiqarilgan. 2023-yilning 21-fevral kuni bo‘lib o‘tgan onlayn auksion tanlovi natijalariga ko‘ra, tumandagi “Madaniyat” mahallasida yashovchi 1954-yil tug‘ilgan fuqaro Sapayeva Ruzika Obdullayevna 715 ball to‘plagan holda g‘olib deb topilgan hamda ushbu yer maydonidan 30 (o‘ttiz) yil muddatga ijara asosida foydalanish huquqiga ega bo‘lgan.
Shuningdek, fuqaro Sapayeva Ruzika Obdullayevna tomonidan 2023-yilning 24-fevral kuni “Bahoroy Jasmina Grup” nomi ostida mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sis qilinadi va ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyatini 2023-yilning 28-fevral kuni o‘z ixtiyori bilan to‘liq Ermetova Shaxnoza Maxsad qizining nomiga o‘tkazib beradi.
“Bahoroy Jasmina Grup” MChJga qarashli paxta g‘allachilik yo‘nalishida foydalanishga mo‘ljallangan 54.7 gektar ekin yer maydoniga, 2023-yil hosili uchun 48.0 gektar paxta, 2.31 gektar soya, 2.0 gektar poliz ekinlari, 1.04 gektar sabzavot ekinlari va 1.35 gektar ozuqa ekinlari ekilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-yanvardagi PQ-23-sonli qaroriga asosan paxta yetishtirish yuzasidan shartnoma tuzish ishlari fevral oyida yakunlanishi kerak edi, shunga qaramasdan “Bahoroy Jasmina Grup” MChJ bugungi kungacha bironta paxta to‘qimachilik klasterlari bilan fyuchers shartnomasi tuzmagan va ro‘yxatdan o‘tmagan.
Yuqoridagi holat yuzasidan Shovot tumani hokimligi tomonidan 2023-yil 1-apreldagi № 12-299-sonli hamda 2023-yil 17-apreldagi № 3-328-sonli ogohlantirish xatlari berilgan bo‘lishiga qaramasdan, joriy yilning 3-may holatiga “Bahoroy Jasmina Grup” MChJ rahbari Ermetova Shaxnoza Maxsad qizi bo‘la turib, uning o‘rniga Gurlan tumani davlat soliq inspektsiyasi soliq qarzini undirish sho‘basi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Maxmudov Shaxboz Davlatyorovich tomonidan o‘zboshimchalik bilan ekin yer maydonlaridan belgilangan maqsadda foydalanilmasdan paxta ekish uchun rejalashtirilgan 48.0 gektar yer maydonining 12.36 gektariga sholi ekini ekganligi va qolgan 35.64 gektar yer maydoniga ham paxta ekini ekmasdan sholi ekishni rejalashtirgani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari yuqorida ekilishi rejalashtirilgan 2.31 gektar soya, 1.04 gektar sabzavot, 2.0 gektar poliz va 1.35 gektar ozuqa ekinlari ham umuman ekilmaganligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 505-son qarorini qo‘pol ravishda buzganligi va ekin yer maydonlarini unumdorligini pasayishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, “Bahoroy Jasmina Grup” MChJ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-apreldagi “Qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-121-sonli qarorining ijrosi yuzasidan, ekin yer maydonlarining dala chetlariga ekiladigan qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilmaganligi ham aniqlandi.
Ushbu holatlar yuzasidan Shovot tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari amalga oshirilmoqda.