Xorazm viloyati fermerlari Kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga, klasterlar va qishloq xo‘jaligi xodimlariga murojaati
Hurmatli fermerlar, mirishkor dehqonlar!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yilning 1-2-may kunlari viloyatimizda bo‘lib, hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishdi. Xorazm viloyatini ijtimoiy - iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar, yangi istiqbolli rejalar belgilandi. Unga ko‘ra joriy yilda viloyatimizda 60 million dollarlik 56 ta loyihani ishga tushirish, 3 ming 400 gektar yerlarni qayta foydalanishga kiritish, 31 kilometr katta kanal va 1 ming 600 kilometr ichki ariqni betonlashtirish, 1 ming 200 gektar sanoatlashgan mevali bog‘larni tashkil qilish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, ekin ekishda suvni iqtisod qilish bo‘yicha Xorazm o‘z tajribasini yaratgani e’tirof etildi. Bunda fermer va dehqonlar tomonidan 93 ming gektar yer maydonini lazerli tekislash yo‘lga qo‘yilgani, 196 ming gektar yerga esa suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilganligi natijasida yiliga 1 milliard kub metr suv iqtisod qilingani ta’kidlandi.
Endilikda, Avstriyaning “Bauer” kompaniyasi bilan viloyatimizda 7,5 ming gektarda yomg‘irlab sug‘orishni joriy qilish reja qilindi. Bunda fermer xo‘jaliklariga ana shunday zamonaviy texnikalar tayyor holda o‘rnatilib, lizing asosida so‘mda, yillik 2,5 foiz stavkada 10 yil muddatga beriladi.
Xorazmlik fermerlar tannarxni tushirish uchun izlanib, traktorlarga zamonaviy “avtopilot” o‘rnatishdi. Buning natijasida chigit yerga to‘liq aniqlikda ekiladi. Sifat yanada oshadi. Bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kredit berilishi qayd etildi.
Ma’lumki, Xorazmda ekin maydonlariga suv chiqarish oson emas.Respublikadagi nasoslarning 21 foizi Xorazm viloyatida joylashgan. Ushbu nasoslarni ishlatish ancha elektr energiyasi, muayyan sarf-xarajatlarni talab qiladi. Xonqalik “To‘tijon Bekmetova” fermer xo‘jaligi rahbari Kamoladdin Yusupov nasosni elektr bilan ta’minlash uchun o‘tgan yili 200 kilovattli quyosh paneli o‘rnatib, yiliga 120 million so‘m elektr xarajatini iqtisod qildi, qo‘shimcha 53 million so‘mlik elektrni tarmoq orqali sotdi.
Viloyatdagi mavjud 2 ming 138 ta nasosni shu tizimga o‘tkazib, Xorazm tajribasini yaratishga va undan keng foydalanishga barchangizni chorlaymiz.
Prezidentimiz tomonidan qayd etilganidek, yozi jazirama issiq, qishi qahraton sovuq, yerlari kuchli sho‘rlangan Xorazmda nafaqat mehnat qilish, balki bog‘ yaratish, mo‘l hosil undirish – bu, ochiq aytish kerak, har kimning ham qo‘lidan kelmaydi. Shuning uchun xorazmlik dehqonlarni bir emas, ikki marta qahramon, desak hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi, deya e’tirof qildilar.
Xorazmlik dehqonlar mehnatini qadrlab, Xonqa tumanidagi “Sobirjon Yusuf” oilaviy fermer xo‘jaligi rahbari Oyimjon Otajanovaga Prezidentimiz farmoniga binoan "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi" faxriy unvoni berildi. Bu viloyatimizdagi barcha fermer va dehqonlarga yangi kuch-g‘ayrat bag‘ishlab, yanada shijoat bilan ishlashga undaydi.
Muhtaram Prezidentimizning e’tiboridan ruhlangan fermer va dehqonlarimiz innovatsion texnologiyalarga asoslangan holda yanada samarali mehnat qilib, paxtadan 45-50 sentnerdan, g‘alladan esa 80-100 sentnerdan hosil olish orqali daromadlarini oshirish, shu bilan birga viloyatimiz aholisini arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashni maqsad qilishgan.
Hurmatli dehqon va fermerlar!
Ayni kunlarda g‘alladan yuqori hosil kutilmoqda. Hosilga hosil qo‘shib, yuqori marralarga erishish uchun quyidagi kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb ishlarni amalga oshirishimiz zarur:
- g‘alla hosili pishishi arafasida dala maydonlarini suv bostirmasdan peshma-pesh sharbat usulida sug‘orish ishlarini amalga oshirishimiz kerak;
- hosilni nes-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olishda o‘rim kombaynlarini mavsumga tayyorgarligini yana bir bor ko‘rib chiqish zarur.
Viloyatimizda paxta ekish mavsumi muvaffaqiyatli yakunlandi. Dalalarda g‘o‘zadan to‘liq nihol undirib olindi. Eng muhimi suvning oldingi yillarga nisbatan ko‘payishi bu yilgi hosilning mo‘l bo‘lishi garovidir. Yuqori xirmon yaratish uchun bugun quyidagi agrotexnik tadbirlarni kechirtirmasdan amalga oshirish talab etiladi:
- tumanlarda har bir fermer kesimida agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, shu asosda ishlarni aniq tashkil qilish lozim;
- g‘o‘za unib chiqqan maydonlarda gektariga 200 kg karbamid va 100 kg kaliyli mineral o‘g‘iti bilan kultivatsiya qilish zarur;
-g‘o‘za maydonlaridagi mavjud begona o‘tlarni tez fursatda tozalab, begona o‘tdan tozalanmagan g‘o‘za maydonlariga mineral o‘g‘it bermaslik bo‘yicha fermer xo‘jalik rahbarlarini qat’iy ogohlantirish lozim;
-suvchilarga to‘liq sharoit yaratib bergan holda, g‘o‘zani sug‘orishda suvning isrofgarchiligiga yo‘l qo‘ymasdan, 1- va 2- sug‘orish ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash chorasini ko‘rish zarur;
- rivojlanishdan orqada qolayotgan g‘o‘za maydonlarini qo‘shimcha oziqlantirib, shu qatori qo‘shimcha kultivatsiya, chuqur yumshatish, suspenziya sepish ishlarini hamda sug‘orishni faqat sharbat va fekal bilan o‘tkazish kerak;
- tuman ishchi guruhlari mavjud muammolarni dalaning o‘zida hal qilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bo‘yicha zudlik bilan qo‘shimcha agrotexnik tadbirlar belgilab, xar bir dalaga nazorat uchun mas’ullarni biriktirishi lozim;
-birinchi navbatda agrotexnik tadbirlarni ekini sust rivojlangan maydonlarda boshlanishiga alohida e’tibor qaratish kerak;
- OVX purkagichlari yordamida barcha fermer xo‘jaliklari suspenziya uchun ishchi eritmani asosan ertalabki va kechki salqin paytlarda sepishni, eng asosiysi g‘o‘zaning o‘sish va rivojlanishini rostlab borish maqsadida zamonaviy “PIKS” preparati bilan ishlashni tashkil qilishi lozim;
- g‘o‘zaning turli kasalliklari, hasharotlarga qarshi kurashish uchun biolaboratoriyalarni to‘la quvvat bilan ishlatish lozim. Asosan, biomahsulotlarni dalaga ertalab soat 5:00 dan 9:00 gacha, kech soat 16:00 dan 20:00 gacha belgilangan tartibda chiqarish kerak. Har bir gektar g‘o‘za maydoniga 2 tadan feromon tutqich va 10 ta suyuqlik solingan idishlarni o‘rnatish hamda har 3 kunda suyuqlik, kley va kapsulalarni yangilab turish shart (albatta mutaxassis tavsiyasi asosida).
Hurmatli klaster korxonalari rahbarlari!
Sizlarning e’tirofga arzigulik darajadagi biznes rejalaringiz asosida, bir necha yillar faqat xom-ashyo sifatida sotilgan paxta tolasi, bugungi kunda qayta ishlanib, tayyor mahsulot bo‘lib milliy iqtisodiyotimiz o‘sishiga va eksport salohiyatimiz mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Qolaversa, Sizlarning rejalaringizning muhim omili yetishtirilgan hosilning o‘z vaqtida, sifatli yig‘ib olinishga bog‘liqdir.
Shuning uchun barcha tadbirlarni o‘z muddatida sifatli bajarib, paxta va g‘alladan yuqori hosil olish uchun qo‘shimcha mineral o‘g‘it va boshqa resurslarni g‘amlash hamda g‘alla o‘rim-yig‘imiga tayyorgarlik ko‘rib, fermerlar yetishtirgan g‘allani sifatli saqlash uchun shart-sharoitlar yaratish eng muhim dolzarb vazifalardandir.
Hurmatli fermerlar va dehqonlar!
Ushbu yilda ham qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida yuqori hosil yetishtirish uchun hozirdanoq puxta zamin yaratilishi kerak. Yuqorida qayd etganimizdek, g‘o‘za dalalarida agrotexnika tadbirlarini qisqa muddatlarda, sifatli qilib yakunlash choralarini ko‘rish shu kunning muhim vazifasidir.
Dasturxonlarimiz yanada to‘kin, sarxil mevalar, sabzavot mahsulotlari bilan yanada fayzli, barakali bo‘lishi, albatta, Sizlarning fidoyi mehnatlaringizga bog‘liqdir. Ishonamizki, Sizlar bundan keyin ham o‘zlaringizning ko‘p yillik tajribalaringiz va ilm-fan yutuqlariga tayanib, zimmangizdagi o‘ta mas’uliyatli vazifalarni sharaf bilan ado etasizlar!
Xorazm viloyati fermerlari Kengashi Rayosati