Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz to‘lovlarida davlat kompensatsiyasi joriy etiladi.

Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz to‘lovlarida davlat kompensatsiyasi joriy etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 2-apreldagi “Yoqilg‘i energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-134-sonli qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida, 2025-yil 1-maydan 2027-yil 1-aprelga qadar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambag‘al oilalar reyestriga (keyingi o‘rinlarda – Reyestrlar) kiritilgan, shuningdek, Reyestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar mezonlariga to‘g‘ri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga:
elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha – oyiga bazaviy me’yordan 150 kVt/soatgacha;
tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy me’yordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy me’yordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib berilidi.
Kompensatsiya olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
Har oyning 15-sanasiga qadar:
- “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga yoki
- mahallalarda faoliyat yurituvchi ijtimoiy xodimlarga murojaat qilinadi.
Bunda, arizada pasport ma’lumotlari, abonent raqami va telefon raqami ko‘rsatiladi.
Ma’lumot uchun: Kompensatsiya oluvchi oilalarning mezonlarga mosligi har oyda avtomatik o‘rganilib, mezonlarga mos kelgan taqdirda keyingi oylar uchun alohida murojaat talab etmagan holda kompensatsiya to‘lovi davom ettiriladi.
Kompensatsiya qachon to‘lanadi?
Ariza berilgan oydan keyingi oyning 27-sanasiga qadar AT “Xalq banki” tomonidan ochilgan bank plastik kartasi orqali to‘lab beriladi.
Ma’lumot uchun: Agar ariza beruvchining nomida bank plastik kartasi mavjud bo‘lmasa, AT “Xalq banki”da uning oila a’zolari nomiga ochilgan bank plastik kartasiga to‘lab berilishi mumkin.
2025/2026-yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘shimcha moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning noyabr oyida quyidagi oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi.
Reyestrlarga kiritilgan oilalardan tashqari; “mahalla yettiligi” xulosasi asosida Reyestrlarga kiritilmagan, biroq yordamga muhtoj oilalarga, “mahalla yettiligi” tomonidan qo‘shimcha ro‘yxat shakllantiriladi,
bunda; birinchi navbatda, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, a’zolari I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslardan iborat bo‘lgan oilalar, nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalar, uzoq muddatli davolanishni talab etadigan kasalliklar bilan kasallangan shaxslar yashovchi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi shaxslar hamda yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, uch va undan ortiq oila yashaydigan xonadonlarda hamda gaz ta’minoti bo‘lmagan va markazlashtirilgan tartibda isitilmaydigan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar inobatga olinadi;
qo‘shimcha ravishda shakllantiriladigan ro‘yxatdagi oilalar soni Reyestrlarga kiritilgan oilalar sonining 40 foizidan oshmasligi lozim.
Ijtimoiy himoya milliy agentligining tuman (shahar) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasining shahar (tuman)lar hokimliklari bilan birgalikda 2025-yil 1-oktabrga qadar “mahalla yettiliklari” tomonidan tuman bo‘yicha har bir mahalla kesimida qo‘shimcha ro‘yxatlar shakllantirilishi ta’minlanadi.
Shovot tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi ijtimoiy to‘lovlar sho‘basi mudiri Javlon Karimov.