Хуш келибсиз!

Шовот тумани ҳокимлиги


расмий сайтига

*
*
*
*
*
*
*
*
*
Манзил: Шовот тумани Туркистон кўчаси 73 уй, 221000 Тел. : (0362) 34-51-882, (0362) 34-53-687

» » » Baxtli mamlakatning baxtiyor farzandlari

Baxtli mamlakatning baxtiyor farzandlari

Бўлим: Tuman hokimligi / Yangiliklar, 1161

Poytaxtimizda eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligi munosabati bilan "Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida "Istiqlol farzandlari” yoshlar festivali boshlandi.

"Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan mazkur festivalda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan iqtidorli yoshlar, jumladan, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, "Nihol” mukofoti, "O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sovrindorlari, xalqaro olimpiadalar, tanlovlar, sport musobaqalari, "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining yirik loyihalari g‘oliblari ishtirok etmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyasiga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni mamlakatimiz taraqqiyotini ta’minlash yo‘lidagi ezgu ishlarga rag‘batlantirish, ongu shuurida daxldorlik, bunyodkorlik, kelajakka ishonch tuyg‘ularini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. "Istiqlol farzandlari” yoshlar festivali bu boradagi ezgu ishlardan biridir.
 
Festival ishtirokchilari dastlab mamlakatimizning bosh maydonida bo‘lib, Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi. 

– Mustaqillik maydonini ziyorat qilib, yurtimizda yosh avlod kamoloti va istiqboli barcha ezgu intilishlarning pirovard maqsadi ekaniga yana bir bor ishonch hosil qildim, – deydi «Yurt kelajagi» ko‘rik-tanlovi g‘olibi, Jizzax politexnika instituti talabasi Bekzod Donaboyev. – El-yurtimiz g‘urur-iftixori, milliy davlatchiligimiz timsollaridan bo‘lgan mazkur maydon mamlakatimizning o‘z taraqqiyot yo‘lidan dadil odimlayotgani va har tomonlama obod bo‘lib borayotganini yaqqol ifodalab turibdi.

Mamlakatimizda navqiron avlodning o‘qib-izlanishi, kasb-hunar egallashi, hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun ko‘maklashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Bu har bir yigit-qizni katta maqsadlar sari intilishga, puxta bilim olishga, yangiliklar yaratishga, qisqacha aytganda, Vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shishga ruhlantirmoqda. 

Yoshlar ijod saroyida tashkil etilgan "Vatanim taraqqiyotiga mening xissam!” mavzusidagi ijodiy ishlar, innovatsion va biznes g‘oyalar ko‘rgazmasida bu yaqqol aks etdi.

Yosh tadbirkor Bobur Zokirovning ekspozitsiyasi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Uning "Ziyo globus” xususiy korxonasi joriy yilda mahalliylashtirish dasturiga kiritildi. Bu kelajakda ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish imkonini beradi. 

– Korxonamizda o‘quv muassasalari uchun yigirma beshdan ortiq mahsulot ishlab chiqarmoqdamiz, – deydi "Tashabbus", "Yosh tadbirkor – yurtga madadkor" ko‘rik-tanlovlari g‘olibi, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabasi Bobur Zokirov. – Ishlab chiqarishga 35 nafar kollej bitiruvchisi jalb etilgan. Turli shakldagi globuslar, xaritalar, bolalarga mo‘ljallangan chet tillarni o‘rganish kitoblariga talab yuqori. Tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida ishtirok etib, kelgusida ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish niyatidamiz. 

"Vatanimga muhabbatim izhori!” mavzusidagi ko‘rgazmadan yoshlarning Vatanimizga bo‘lgan mehr-muhabbati, kelajakka bo‘lgan qat’iy ishonchi, mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizni taraqqiy ettirish bilan bog‘liq g‘oyalari tasvirlangan foto, video asarlari, ijodiy ishlari o‘rin olgan.

– Istiqlol bilan birga tug‘ilgan yigit-qizlar yigirma to‘rt yoshga to‘ldi, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti magistranti Maftuna Nodirova. – Mustaqilligimiz, yosh avlodga yaratilgan bu ulug‘ imkoniyatlar o‘z-o‘zidan bo‘lmagan. Bularning barchasiga xalqimizning mislsiz kurashi va matonatli mehnati evaziga erishilgan. Yurtboshimizning jasorati va oqilona siyosati tufayli qo‘lga kiritilgan bu natijalarni yosh avlod teran o‘qib-o‘rganishi, yurakdan his etishi lozim. 

Bugun dunyoda barcha sohalarda integratsiya va hamkorlik kuchayib borayotir. Xorijiy investitsiyalar, kapital va tovarlar, ishchi kuchining erkin harakati uchun qulaylik yaratilayotgani, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgani zamonaviy ilm-fan yutuqlari, san’at va madaniyatning keng taraqqiy etishiga, turli qadriyatlarning uyg‘unlashuviga olib kelmoqda. Bu jarayon har bir soha mutaxassisidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini boshqarish va xorijiy tillarni bilishni talab etmoqda. "AKT + xorijiy til = Zamonaviy kadr!” mavzusidagi davra suhbatida shular haqida so‘z bordi.

Tadbirda yoshlar soha mutaxassislaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

Yoshlar yig‘ma simfonik orkestri va iste’dodli yosh opera ijrochilari ishtirokidagi konsert yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi. 

Festival doirasida Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida turli yo‘nalishda rekord natijalar qayd etgan yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Unda "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi B.G‘aniyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida hech kimdan kam bo‘lmagan barkamol yoshlarni voyaga yetkazishga qaratilgan islohotlar natijasida ertamiz egalari turli sohalarda yuksak natijalarga erishayotganini ta’kidladi. Bu o‘zbek bolalarining salohiyatini dunyo tan olayotganidan, nurli kelajak yo‘lida ezgu niyat bilan ekilgan nihollar allaqachon o‘z mevasini berayotganidan dalolatdir.

– Yurtimizda biz, yoshlarning iste’dod va qobiliyatimizni ro‘yobga chiqarishimiz uchun barcha sharoit yaratib berilgan, – deydi Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi 18-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Ahror Nizomov. – O‘tgan yili singlim Mohidil bilan birga Ispaniyaning Barselona shahrida o‘tkazilgan «O‘rta yer dengizi afsonasi» xalqaro musiqa festivalida, shu yil Sochida o‘tkazilgan «San’at dunyoni birlashtiradi» xalqaro ko‘rik-tanlovida milliy raqs va fortepyano yo‘nalishlarida g‘olib bo‘ldik. Bu yutuq bizga ulkan mas’uliyat yuklaydi va yangi ijodiy cho‘qqilar sari undaydi. 

Festival davomida bir qator tadbirlar, loyihalar, uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. 

"Istiqlol farzandlari” yoshlar festivali gala-konsert bilan yakunlanadi.
 
Manba: Dilshod Karimov, O‘zA 
скачать dle 10.4фильмы бесплатно